Jamg‘arish haqida

Omonatlarni sugʻurta qilish haqida nimalarni bilish kerak?

Nataly Fein

29 August2 daqiqalik o‘qish

Omonatdagi pullaringiz davlat tomonidan kafolatlangan. Omonat ochgan yoki endi ochmoqchi boʻlganlar uchun muhim maʻlumotlarni qoʻllanmada koʻrib chiqdik.

Omonatni sugʻurta qilish nima?

Oʻzbekistonda istalgan bankka qoʻygan pulingiz davlat tomonidan sugʻurtalangan boʻladi. Yaʻni, agar bankingiz toʻsatdan bankrot boʻlsa yoki litsenziyasidan mahrum boʻlsa, pullaringiz qaytariladi.

Sugʻurtani Omonatlarni kafolatlash davlat fondi toʻlab beradi.

Davlat tomonidan 200 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi

Bunday sugʻurtaning 2025-yil 18-fevraldan boshlab 200 mln soʻmlik limiti bor. Yaʻni, agar bank faoliyatini toʻxtatsa, davlat sizning 200 million so‘mgacha bo‘lgan omonatingizni qoplab berishni kafolatlaydi.

Omonatlarni sugʻurtalash limiti dunyoda keng tarqalgan. Misol uchun, Qozogʻistonda $40 000 gacha, Turkiyada $13 000 gacha, Gruziyada esa $5566 gacha omonatlar sugʻurtalanadi.

Sugʻurtani qanday olish mumkin?

Omonat ochganingizda sugʻurta oʻzi yoqiladi. U faqat bankning litsenziyasi olib qoʻyilganda ishga tushadi. 

Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi veb-saytida kompensatsiyani qanday olish haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Omonat avvalroq ochilgan boʻlsa, sugʻurtasi qanday boʻladi?

Omonatingizni 2025-yilning 18-fevraligacha ochgan boʻlsangiz, u davlat tomonidan toʻliq, hech qanday limitsiz kafolatlangan.

Agar toʻldiriladigan omonatingiz boʻlsa va unga 18-fevraldan keyin pul qoʻshgan boʻlsangiz, faqat 200 mln soʻmgacha boʻlgan qismi sugʻurtalanadi.

Hozir omonat ochmoqchi boʻlsangiz

200 mln soʻmgacha boʻlgan omonatingiz sugʻurtalanadi. Pulni bankka qoʻyishdan avval bank haqidagi maʻlumotlarni diqqat bilan oʻrganing va u qanchalik ishonchli ekanini tekshiring.

Bank ishonchliligini qanday tekshirish mumkin?

Banklar qisqa vaqtda bankrot boʻlmaydi — oldin negativ xabarlar paydo boʻladi, Markaziy bank ogohlantiradi.

 

Bank ishonchliligini aniqlashga yordam beradigan belgilar:

  • bank haqidagi soʻnggi ijobiy yangiliklar;
  • bankning barqaror moliyaviy holati — hisobotlarni Markaziy bank eʻlon qiladi;
  • bank taʻsischilari haqidagi ijobiy maʻlumotlar.

Yigʻilgan maʻlumotlar asosida bank haqida xulosa va qaror qilishingiz mumkin.

Baribir omonatimdan xavotir olyapman

Davlat kafolati bitta bankdagi bitta omonat uchun amal qiladi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari omonatlarni boʻlib saqlash, yaʻni har bir bankka 200 mln soʻmdan qoʻyish mumkinligini muhokama qilishyapti. Qanday yoʻlni tanlashni oʻzingiz hal qilasiz.