Nataly Fein

30 July2 daqiqalik o‘qish

Hozir ko‘plab banklar kredit bo‘yicha javobni atigi bir necha daqiqada chiqarib beryapti. Shunaqa tez bo‘lishi mumkinmi? Ha, mumkin. Sababi — banklar siz haqingizdagi muhim ma’lumotlarni KATM, ya’ni kredit byurosi orqali avtomatik tekshiradi. Bu KATM o’zi nima, qaysi ma’lumotlar saqlanadi, moliyaviy reyting qanday shakllanadi va unga ta’sir qilish mumkinmi — birma-bir tushuntiramiz.

KATM — bu nima?

Bu kredit byurosi. Unda sizning moliyaviy tarixingiz saqlanadi, xususan:

 

• avval olgan kreditlaringiz;

• to‘lovlarni kechiktirganmisiz-yo‘qmi;

• hozir qancha qarzingiz bor va qanchasi to‘langan.

Ma’lumotlar qayerdan keladi?

Banklar KATMga quyidagi ma’lumotlarni yuboradi:

 

• qancha kredit olingani;

• muddati;

• kechikishlar yoki jarimalar bo‘lgan-bo‘lmaganligi;

• kredit yopilganmi — yo‘qmi.

 

Bu ma’lumotlar avtomatik va himoyalangan kanallar orqali uzatiladi.

Kimlar tarixni ko‘ra oladi?

• O‘zingiz — my.gov.uz, KATM ilovasi yoki yagona darcha orqali ko‘rishingiz mumkin.

• Banklar — faqat siz kreditga ariza berganingizda. Siz rozilik bermasangiz, hech kim kirishga haqqi yo'q.

Bank nimaga qarab qaror qiladi?

• Avvalgi to‘lovlarda muammo bo‘lganmi.

• hozir nechta kreditingiz bor.

• oyiga qancha to‘lov qilyapsiz.

 

Agar daromadingizning 50% dan ko‘prog‘i kreditlarga ketsa, yangi kredit olish qiyin bo‘ladi.

Kredit reytingi nima?

Bu sizning moliyaviy ishonchlilik darajangiz. KATM bu reytingni ballar orqali baholaydi:

 

• eng yuqori ball — 500;

• agar 200 balldan past bo‘lsa, bank kredit bermasligi yoki yuqori foizda berishi mumkin.

 

Reytingingiz qanchalik yuqori bo‘lsa, kredit olish imkoniyatingiz shunchalik ko‘p va shartlari ham yaxshiroq bo‘ladi.

Reytingni yaxshilash yo‘llari

• To‘lovlarni kechiktirmang, jadval bo‘yicha to'lang.

• Kommunal xizmatlar bo‘yicha qarz yoki jarimalarni yig‘mang.

• Oldin kechikishlar bo‘lgan bo‘lsa, kichik kredit olib, to‘g‘ri to‘lashga harakat qiling.

Kredit tarixini yopib qo‘yish (FREEZE)

Agar sizda kredit olish niyati bo'lmasa va begona odamlardan himoyalanmoqchi bo‘lsangiz, kredit tarixingizga kirishni vaqtincha taqiqlash mumkin.

Shunda hech kim sizning ruxsatingizsiz nomingizga kredit rasmiylashtira olmaydi.

 

• my.gov.uz orqali — 11 340 so‘m.

• KATM sayti orqali — 12 600 so‘m.

 

Agar o‘zingiz kredit olmoqchi bo‘lsangiz, bu taqiqni avval ochiring. Aks holda, bank sizga kredit bermaydi.