Jamg‘arish haqida

Depozit nima va u qanday ishlaydi

Nataly Fein

5 September5 daqiqalik o‘qish

Depozit nima ekanligi, qanday omonatlar borligi va birinchi depozitingizni ochmoqchi bo‘lsangiz nimalarni hisobga olishingiz kerakligi haqida aytib beramiz.

Depozit oddiy so‘z bilan nima?

Bir gap bilan aytganda, depozit — bu bankka yoki boshqa moliyaviy tashkilotga qimmatli narsani saqlash uchun topshirish. Bu nafaqat pul, balki hujjatlar, oltin, zargarlik buyumlari ham bo‘lishi mumkin. Ammo O‘zbekistonda, boshqa ko‘plab mamlakatlardagi kabi, "depozit" so‘zi deyarli har doim bitta ma’noni anglatadi: foiz olinadigan pulli omonat.

 

Bankka pul olib kelib, shartnoma imzolaganingizda depozit ochgan bo‘lasiz. Bank pulingizni saqlash va ularni ma’lum muddatdan keyin qaytarish majburiyatini oladi. Siz unga puldan foydalanishga ruxsat berganingiz uchun u foiz hisoblaydi. Odatda, muddat qancha uzoq bo‘lsa, foiz stavkasi shuncha yuqori bo‘ladi.

 

Depozitni o‘zingiz bankka borib, ochishingiz mumkin. Ba’zi banklarda uni onlayn tarzda, sayt yoki ilova orqali ham ochish imkoniga egasiz. Omonat shartlari hamma joyda deyarli bir xil, lekin muddati, valyutasi va bankning o‘ziga xos qoidalariga qarab foizlar farq qilishi mumkin.

Depozit qanday ishlaydi?

Hammasi oddiy: bankka pul berasiz, u esa ma’lum vaqt o‘tgach, uni foizi bilan qaytaradi. Bank pulni seyfda saqlamaydi — undan foydalanadi: boshqa odamlarga yoki kompaniyalarga kredit beradi, aksiyalar va qimmatli qog‘ozlarga investitsiya kiritadi va foyda oladi. O‘z foydasining bir qismini sizga beradi.

 

Siz uchun bu quyidagicha ko‘rinadi: pul hisobraqamda saqlanadi va har oy yoki muddat oxirida unga daromad qo‘shiladi. Muddat va summa qancha katta bo‘lsa, yakuniy to‘lov shuncha yuqori bo‘ladi.

 

O‘zbekistonda har bir bankdagi 200 mln so‘mgacha bo‘lgan omonatlar davlat tomonidan sug‘urtalangan. Ya’ni, agar sizda, masalan, beshta turli bankda 200 mln so‘mdan beshta omonat bo‘lsa, banklar bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganda, Omonatlarni sug‘urtalash jamg‘armasi 1 mlrd pulingizni qaytaradi. Shuning uchun omonat — pul yig‘ishning eng xavfsiz usullaridan biri.

Depozit turlari

Omonatlarning yagona shakli yo‘q — banklar turli maqsadlar uchun turli xil variantlarni taklif qiladi. Ba’zilari uzoq muddatga pul jamg‘arib, yuqori foizda daromad olishga tayyor bo‘lganlar uchun qulay bo‘lsa, boshqalari pulidan erkin foydalanishni istaydiganlar uchun mos keladi. Mana asosiy variantlar.

 

Muddatli. Foizlar bo‘yicha eng foydalisi. Ammo omonat muddatidan oldin yopilsa, odatda foizlar saqlanmaydi. Masalan, siz bir yilga 7 mln so‘mlik muddatli omonatni yillik 25 foiz stavka bilan ochdingiz. Bir yildan keyin siz 8,75 mln so‘m olasiz. Ammo omonatni muddatidan oldin yopsangiz, bank faqat kiritilgan summani qaytaradi va foiz bermaydi.

Odatda, omonat muddati bir yoki ikki yil bo‘lib, keyin uni uzaytirish yoki qaytadan ochish kerak bo‘ladi.

 

Yechib olish imkoniyati bilan va usiz. Yechib olish imkoniyati bo‘lgan omonatdan pulning bir qismini istalgan vaqtda olish mumkin. Foiz yuqori bo‘lmasa-da, pul doim qo‘l ostingizda bo‘ladi.

 

To‘ldiriladigan va to‘ldirilmaydigan. To‘ldiriladigan omonatlarga muntazam ravishda pul qo‘shish va shu orqali daromadni oshirish mumkin. To‘ldirilmaydigan omonatlarda summa boshida belgilanadi va muddat oxirigacha o‘zgarmaydi.

 

Valyutali. Omonatlarni nafaqat so‘mda, balki boshqa valyutada ham — masalan, dollar yoki yevroda ochish mumkin. Bunday omonatlar bo‘yicha foizlar odatda ancha past, masalan, yillik 4-6%.

 

Omonat ochish uchun minimal summa bankka bog‘liq. Qayerdadir 100 ming so‘m, qayerdadir 50 000. Masalan, TBC Bankda 1000 so‘m. Minimal chegarasiz omonatlar ham bor: istalgan summani kiritasiz va omonatda turgan pulga foizlar hisoblanadi.

Depozitlar bo‘yicha foizlar qanday hisoblanadi?

Foizlarni turli yo‘llar bilan olish mumkin.

 

  • Har oyda. Bank har oyda daromadni kartaga o‘tkazadi. Masalan, TBC Bank shunday qiladi: har oy siz foizlarni olasiz va ularni nima qilishni o‘zingiz hal qilasiz — istasangiz, omonatga qo‘shasiz yoki shunchaki sarflaysiz.
  • Muddat oxirida. Omonat yopilganda barcha foizlar bittada keladi. Bunday variant ko‘pincha stavka bo‘yicha foydaliroq, ammo daromadni muddat oxirigacha kutishga to‘g‘ri keladi.
  • Kapitalizatsiya bilan. Bu hisoblangan foizlar yechib olinmasdan, omonatning asosiy summasiga qo‘shiladigan holat. Keyingi oyda esa bank kattaroq summaga foizlarni hisoblaydi.Natijada yakuniy daromad kartangizga tushadigan foizdan ko‘ra yuqoriroq bo‘ladi.

Depozit: afzalliklar va xavflar

Depozit — bu pulni saqlash va kichik daromad olishning eng tushunarli usuli. Lekin uning kuchli va kuchsiz tomonlari bor.

 

Afzalliklari:

  • Inflyatsiyadan himoya. Odatda, omonatlar bo‘yicha foiz rasmiy inflyatsiyadan yuqori bo‘ladi. Masalan, 2025-yil avgust holatiga ko‘ra, inflyatsiya 8,9% ni, TBC Bankdagi depozit bo‘yicha minimal foiz stavkasi esa yillik 17 foizni tashkil etadi.
  • Olinadigan daromad aniq. Omonatdan qancha olishingizni aniq bilasiz va shunga qarab xarajatlarni rejalashtirishingiz mumkin.
  • Foizlarni sarflash erkinligi. Har oyda kartangizga omonat bo‘yicha foizlarni olasiz va ulardan xohlaganingizcha foydalanish imkoniga egasiz — sarflashingiz yoki yana omonatga kiritishingiz mumkin.
  • Xavfsizlik. Pullaringizni bank va davlat himoya qiladi: agar biror narsa bo‘lsa, Omonatlarni kafolatlash fondi pulingizni qaytaradi.

     

Xavflar:

  • Puldan foydalanishda cheklovlar. Hammasi bankning shartlariga bog‘liq. Masalan, ko‘pincha muddatli omonatlarda pul muzlatiladi: agar uni muddatidan oldin yopsangiz, foizlar deyarli har doim “kuyib ketadi”. Yoki omonatda doimo ma’lum summada pul qoldirish kerak — misol uchun, 100 ming so‘m.
  • Omonatlar bo‘yicha daromad cheklangan. Omonat shartnomada ko‘rsatilganidan ko‘proq foyda keltirmaydi. Bu pulni saqlash uchun vosita, kapitalni tez o‘stirish uchun emas.
  • Umuman olganda, omonat — bu maqsad bilan pul yig‘ish yoki xavfsizlik yostig‘ini saqlashning oddiy va ishonchli usuli.

Depozit haqida nimalarni bilish kerak

Depozit — bu pulni bankda saqlash usuli. Bankka pul qo‘yasiz, u esa buning evaziga sizga foiz to‘laydi.

 

Depozitlar shartlari va muddati bo‘yicha turlicha bo‘ladi. Eng foydalisi — muddatli, lekin foizlarni yo‘qotmaslik uchun butun muddat davomida pulni yechib olish mumkin emas. Eng qulayi — to‘ldirish va yechib olish imkoniyati bo‘lgani: foiz pastroq, ammo puldan istalgan vaqtda foydalanish mumkin.

 

Depozitlarni so‘mda yoki chet el valyutasida ochish mumkin. So‘mdagi stavkalar yuqori, valyutadagilari esa pastroq, lekin bunday omonatlar valyutada pul yig‘adigan yoki sarflaydiganlar uchun qulay.

 

Foizlar turli xil uslubda hisoblanadi: har oyda kartaga o‘tkazish, muddat oxirida yoki kapitalizatsiya qilib — shartnoma shartlariga qarab.

 

Depozitlar davlat tomonidan kafolatlangan. Agar bank shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmasa, Omonatlarni kafolatlash fondi ushbu bankdagi omonatlar uchun 200 mln so‘mgacha qaytaradi. Har bir bank uchun alohida shunday shart amal qiladi.